Maxfiylik siyosati
Ma’lumotlaringiz O‘zbekistondagi serverda saqlanadi va faqat Xizmatni ko‘rsatish uchun ishlatiladi. Hujjatni o‘qish va AI javobi uchun ular AI provayderiga yuboriladi. Sotilmaydi, reklama uchun berilmaydi.
- Umumiy qoidalar
- Qanday ma’lumotlar yig‘iladi
- Ma’lumotlar nima uchun ishlatiladi
- Ma’lumot kimga beriladi
- Chegaradan tashqariga uzatish
- Saqlash joyi va muddati
- Ma’lumotlar qanday himoyalanadi
- Sizning huquqlaringiz
- Yosh cheklovi
- Siyosatning o‘zgarishi
1. Umumiy qoidalar
Bu siyosat Sonar (Telegram bot @sonar_aibot, Sonar dasturi, mobil ilovalar va sonarai.uz sayti) shaxsga doir ma’lumotlaringizni qanday yig‘ishi, ishlatishi, saqlashi va himoya qilishini tushuntiradi.
Ma’lumotlarga O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq ishlov beriladi. Ishlov berish asosi — sizning roziligingiz: dasturdagi «roziman» belgisi yoki botdagi «✅ Roziman» tugmasi.
2. Qanday ma’lumotlar yig‘iladi
- Hisob: Telegram ID, ism, foydalanuvchi nomi, til, telefon raqami; login va parol bilan kirsangiz — telefon yoki email (parol faqat xesh ko‘rinishida saqlanadi).
- Siz yuborgan narsalar: hujjat rasmlari, PDF, Excel va Word fayllar, namuna shakllar, matnlar, AI yordamchidagi topshiriq va fayllar, savol va takliflar.
- 1C ma’lumotlari: bazaning tuzilmasi (hisoblar, katalog va hujjat turlari nomlari) va siz ochgan hisobotlar natijasi — qoldiqlar, aylanmalar, kontragent va xodim nomlari, oylik. Sonar dasturi ularni kompyuteringizdagi 1C dan o‘qiydi va serverda nusxa saqlaydi.
- Ish joyi: kompaniya nomi, STIR (kiritilgan bo‘lsa), a’zolar va ularning rollari, tanlangan yo‘nalishlar, AI sozlamalari; shaxsiy API kaliti — shifrlangan holda.
- To‘lov: paket yoki tarif, summa, sana, to‘lov usuli, siz yuborgan chek. Bank kartangiz rekvizitlarini Sonar saqlamaydi — to‘lov to‘lov tizimi orqali o‘tadi.
- Texnik: kompyuter nomi va operatsion tizim, dastur versiyasi, kirish va amallar tarixi (vaqt, IP manzil), xatolar jurnali.
- Sayt: tashriflarni sanash uchun brauzeringizda tasodifiy identifikator saqlanadi; IP manzil saqlanmaydi.
3. Ma’lumotlar nima uchun ishlatiladi
- Xizmatni ko‘rsatish: hujjatni o‘qish, fayl tayyorlash, 1C hisobotlari, AI javoblari, eslatma va Telegram xabarlari.
- Hisobingizni himoyalash: kirishni tasdiqlash, ruxsatsiz kirish va firibgarlikka qarshi.
- To‘lov va tariflarni hisobga olish.
- Siz bilan bog‘lanish: qo‘llab-quvvatlash va muhim xabarlar.
- Xizmatni yaxshilash — faqat umumlashtirilgan statistika ko‘rinishida.
- Sonar ma’lumotlaringizni sotmaydi va reklama uchun boshqalarga bermaydi.
4. Ma’lumot kimga beriladi
Faqat Xizmatni ko‘rsatish uchun zarur hajmda:
- Telegram — bot xabarlari va fayllar Telegram orqali o‘tadi.
- AI provayderlari (Google, Anthropic, OpenAI va boshqalar) — hujjatni o‘qish va AI javobi uchun siz yuborgan hujjat, topshiriq va kerakli 1C parchalari. O‘z kalitingiz yoki obunangizni ulasangiz — siz tanlagan provayderga.
- To‘lov tizimlari — to‘lovni amalga oshirish uchun.
- Server xizmati — ma’lumotlar saqlanadigan server O‘zbekistonda.
- Davlat organlari — faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda.
5. Chegaradan tashqariga uzatish
AI provayderlari va Telegram serverlari O‘zbekistondan tashqarida joylashgan bo‘lishi mumkin. Hujjatni o‘qish va AI yordamchidan foydalanib, siz yuborgan ma’lumotga shu xizmatlar orqali ishlov berilishiga rozilik bildirasiz.
AI’siz hisobotlar, tekshiruv va avtomatlashtirishda 1C ma’lumotlari AI provayderlariga yuborilmaydi.
6. Saqlash joyi va muddati
- Ma’lumotlar O‘zbekiston hududidagi serverda saqlanadi.
- Ma’lumotlar hisobingiz faol ekan saqlanadi. O‘chirishni so‘rasangiz — 30 kun ichida o‘chiriladi; qonun saqlashni talab qilgan yozuvlar (masalan, to‘lov hujjatlari) belgilangan muddatgacha saqlanadi.
- Ba’zi ma’lumotlar o‘zi o‘chadi: yuborilmagan AI fayllari — 1 kunda, eski kirish kodlari — 1 kunda, 1C so‘rovlari tarixi — 60 kunda.
- Zaxira nusxalar cheklangan muddat va himoyalangan holda saqlanadi.
7. Ma’lumotlar qanday himoyalanadi
- Ulanishlar shifrlangan (HTTPS/TLS).
- API kalitlari serverda shifrlangan holda saqlanadi; Sonar dasturi kirish tokenini Windows himoyasi bilan saqlaydi.
- Ma’lumotlarga faqat vakolatli shaxslar, zarur hajmda kira oladi; firma ish joyida har a’zo faqat o‘z yo‘nalishlarini ko‘radi.
- 1C ga yozish faqat sizning tasdig‘ingiz bilan.
8. Sizning huquqlaringiz
- O‘zingizga oid ma’lumotlar bilan tanishish va ularning nusxasini olish.
- Noto‘g‘ri ma’lumotni tuzatish va ma’lumotlarni o‘chirishni talab qilish.
- Rozilikni qaytarib olish — bunda Xizmatdan foydalana olmaysiz, ma’lumotlaringiz o‘chiriladi (qonun talab qilganlaridan tashqari).
- Ma’lumotlaringiz kimga uzatilganini bilish.
- Vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilish.
Murojaatga 30 kun ichida javob beramiz.
9. Yosh cheklovi
Xizmat 18 yoshga to‘lmaganlar uchun mo‘ljallanmagan. Bunday shaxs ma’lumoti yig‘ilganini bilsak, uni o‘chiramiz.
10. Siyosatning o‘zgarishi
Yangi tahrir shu sahifada e’lon qilinadi. Muhim o‘zgarishda dastur va bot qayta rozilik so‘raydi.
Savol yoki murojaat bo‘lsa — Telegram’da @sonar_aibot → «💬 Savol yoki taklif».